Yunusobod tumani 80-maktabda yoshlarni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish, ularni sportga keng jalb etish va irodali shaxs qilib tarbiyalash maqsadida aralash jang san’atlari (MMA) bo‘yicha sportchi, trener va hakam Tug‘izbayev Mansur bilan jonli uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida mehmon o‘quvchilar va ustozlar bilan samimiy muloqot qilib, o‘zining sportdagi faoliyati, mashg‘ulot jarayonlari, musobaqalardagi ishtiroki hamda erishgan yutuqlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, u yoshlarga intizom, sabr-toqat, mehnatsevarlik va o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga qat’iyat bilan intilish muhimligi haqida qimmatli maslahatlar berdi.
Suhbat davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, sportga bo‘lgan qiziqishlari yanada ortdi. Ayniqsa, sport orqali inson o‘zini tarbiyalashi, yomon odatlardan uzoq bo‘lishi va sog‘lom hayot tarzini tanlashi haqidagi fikrlar katta taassurot qoldirdi.
Mazkur uchrashuv yoshlarni sportga qiziqtirish, ularni sog‘lom va barkamol avlod qilib tarbiyalash hamda yangi yutuqlarga ilhomlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.